Bosh sahifaE-mutolaa“Inson va qonun” gazetasiAdvokatura yanada soddalashtiriladi

Advokatura yanada soddalashtiriladi

Mamlakatimizda so‘ngi yillarda advokatura sohasida izchil islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda, jumladan, advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi joriy etildi. Shu bilan litsenziya talabgorlari litsenziya olish uchun arizani “Litsenziya” AT yoki YIDXP (my.gov.uz) orqali elektron yuborish va QR-kod qo‘yilgan litsenziyani elektron shaklda olish imkoniga ega bo‘ldilar.

Biroq, bugungi kunda respublika hududida yuridik xizmat talabiga nisbatan advokatlarning soni kamligicha qolmoqda. 2023-yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, butun O‘zbekiston hududida 2 554 ta advokatlik tuzilmalarida (advokatlik byurosida, advokatlik firmasida, advokatlar hay’atida, yuridik maslahatxonada) jami 4 979 ta advokatlar mavjud bo‘lib, bu mamlakatimizda o‘rta hisobda 7 300 nafar aholiga bitta advokat to‘g‘ri kelishini ko‘rsatmoqda.

Advokatlar sonining kamligiga asosiy sabablardan biri advokatlik maqomini olish uchun talabgorlar ikki yillik yuridik stajga ega bo‘lishi hamda advokatlik tuzilmalarida kamida 3 oylik stajirovka o‘tagan bo‘lishi kabi talablarning mavjudligi bo‘lib qolmoqda.

O‘z navbatida, huquqshunoslik (yurisprudensiya) bo‘yicha oliy ta’lim muassasasini tugatgan bitiruvchilar ikki yillik yuridik stajga ega emasligi hamda advokatlik tuzilmalarida kamida 3 oylik stajirovka o‘tamaganligi sababli advokatlik faoliyatini tanlay olmaydilar, ya’ni mavjud tartib-taomillar ularga sun’iy to‘siq bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 2-bobi 19-maqsadida:

– advokatlik litsenziyasini olish uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga oid talabni bekor qilish;

– oliy yuridik ma’lumotli shaxslarga 3 oylik stajirovkadan keyin advokatlik imtihonini topshirish imkoniyatini yaratish hamda stajirovka o‘tamasdan advokatlik litsenziyasini olish uchun imtihon topshirishga ruxsat berilgan shaxslar toifasini kengaytirish;

– oliy yuridik ta’lim muassasalarining bakalavr yo‘nalishida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalariga o‘qishdan bo‘sh vaqtda advokat yordamchisi sifatida ishlash huquqini berish kabilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Qolaversa, 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 19-maqsadida advokaturaga ishga qabul qilish tartibini yanada soddalashtirish, shu jumladan advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lish talabini bekor qilish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish topshirig‘i belgilangan.

Xorijiy davlatlar tajribasi

Huquq ustuvorligi indeksida (Rule of Law Index) yuqori natija qayd etgan xorijiy davlatlar qonunchiligini tahlil qilish natijasi advokat maqomini olish uchun minimum yuridik staj yoki majburiy stajirovkadan o‘tish talab va shartlari mavjud emasligini ko‘rsatadi.

Xususan, Germaniya Federal Respublikasi (GFR) Huquq ustuvorligi indeksining 2022-yil uchun ro‘yxatida 4-o‘rinni band etgan.

GFRda advokatlik tuzilmalari va huquqiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar faoliyatini rivojlantirish maqsadida dastlab “Tartibga solish qumdoni” (regulatorische “Sandkästen”) tajribasi qo‘llanilgan.

Regulatorische “Sandkästen” (“Tartibga solish qumdoni”) tajribasiga muvofiq, GFRda talabgorlar advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng, advokatlik guvohnomasi olib hamda advokatlar reyestriga kiritilganidan keyin ega bo‘ladi.

GFRda 2018-yildan boshlab “Tartibga solish qumdoni” tajribasi asosida advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan talabgorlarga malaka imtihoni topshirmasdan turib, ushbu faoliyat bilan 6 (olti) oy muddatga shug‘ullanish huquqini beruvchi advokatlik guvohnomasi berila boshlangan.

Bu birinchidan, talabgorga shu 6 (olti) oy davomida o‘z faoliyatini litsenziya talablari va shartlariga moslashtirish imkonini beradi.

Ikkinchidan, talabgorga amalda shu faoliyat bilan kelgusida shug‘ullanishda davom etish yoki davom etmaslik imkoniyatlarini to‘g‘ri baholashda yordam beradi.

Daniya Respublikasi Huquq ustuvorligi indeksining 2022-yil uchun ro‘yxatida 1-o‘rinni band etgan.

Daniyada advokat maqomini olish uchun talabgorlardan faqat Daniya fuqarosi bo‘lishi talab etilmaydi, balki chet el fuqarolari ham ushbu maqomni olishlari mumkin. Buning bir xil talab va shartlar belgilangan.

Daniyada advokat maqomini olish uchun minimum yuridik staj yoki majburiy stajirovkadan o‘tish talab va shartlari o‘rnatilmagan.

Fransiya Respublikasi Huquq ustuvorligi indeksining 2022-yil uchun ro‘yxatida 21-o‘rinni band etgan.

Fransiyada advokatura sohasidagi munosabatlar asosan 1971-yil 31-dekabrdagi “Advokatlik faoliyati to‘g‘risida”gi 711130-son Qonun bilan tartibga solinadi.

Fransiyada advokat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun quyidagi talablar belgilangan:

– Fransiya fuqaroligiga yoki Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat yohud Yevropa iqtisodiy hududi to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilgan davlat fuqaroligiga ega bo‘lish;

– 1-darajali huquq magistriga yoki unga tenglashtirilgan diplomga ega bo‘lish;

– advokat maqomi berilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lish;

– sha’ni, odob-axloqiga zid bo‘lgan xatti-harakatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilmagan bo‘lish;

– ishdan bo‘shatish, a’zolikdan chiqarish, ro‘yxatdan o‘tkazish yoki litsenziyani bekor qilish tarzidagi intizomiy yoki ma’muriy jazoga sabab bo‘ladigan xatti-harakatlar sodir etmagan bo‘lish.

O‘rganish natijalari shuni ko‘rsatidiki, Fransiyada ham advokat maqomini olish uchun minimum yuridik staj yoki majburiy stajirovkadan o‘tish talab va shartlari o‘rnatilmagan.

Xulosa

Yuqoridagilarni inobatga olib, Adliya vazirligi tomonidan “Advokatura va advokatlik faoliyati toʻgʻrisida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonun loyihasi ishlab chiqilgan hamda ushbu qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:

– advokatlik litsenziyasini olish uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha ikki yillik ish stajiga oid talabni bekor qilish;

– O‘zbekiston Respublikasida kamida uch yil yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lgan shaxs advokatlik tuzilmasida stajirovkadan o‘tmasdan malaka imtihonida ishtirok etish;

– yuridik ma’lumotga ega yoki oliy yuridik ta’lim tashkilotlarining bakalavr yo‘nalishida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabasi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi o‘qishdan bo‘sh vaqtda advokat yordamchisi bo‘lib, shartnoma asosida ishlashi.

Fikrimizcha, mazkur qonun loyihasi normativ-huquqiy hujjat sifatida qabul qilinishi mamlalatimizda advokatlar sonining, shuningdek ushbu sohada yosh advokatlar salmog‘ining ortishiga olib keluvchi katta qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Abduvali Muxtorov, 

Adliya vazirligi mas‘ul xodimi

Ijtimoiy tarmoqlar

0АъзоларЁқтириш
0ОбуначиЭргашувчи
0ОбуначиЭргашувчи
0ОбуначиОбуна

So‘nggi yangiliklar

Tavsiya etamiz