Bosh sahifaE-mutolaa“Inson va qonun” gazetasiNogironligi bo‘lgan yoshlarga o‘qish davrida yashash va...

Nogironligi bo‘lgan yoshlarga o‘qish davrida yashash va transport xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi qanday?

Hozirgi kunda prezidentimiz tomonidan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bir qatorda nogironligi bo‘lgan yoshlarga ham e’tibor berilmoqda. Xususan, joriy yilning 21-iyunida Vazirlar Mahkamasining “Nogironligi bo‘lgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 341-sonli Qarori qabul qilindi. Aynan ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 21-dekabrdagi PQ-57-son qarori asosida qabul qilindi. Ushbu Reglament O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan yoshlarga nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunar o‘rgatish, ularda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, axborot texnologiyalari, kompyuterda dasturlash amaliyoti, umumta’lim fanlari va xorijiy tillarni o‘rgatish, zarur hollarda yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi. Ushbu Reglament qoidalari Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 4-oktabrdagi 617-son qarorida belgilangan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatlarining bir qismini hamda ular bo‘yicha milliy sertifikatlar olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplab berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ushbu Reglamentga muvofiq Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan har bir yoshga uning talabiga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bo‘lgan miqdorda subsidiya ajratiladi. O‘qish xarajatlari uchun ajratiladigan subsidiya miqdori har oyda bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan ko‘p bo‘lmasligi lozim.

Transport xarajatlari uchun ajratiladigan subsidiya miqdori, shu jumladan yo‘l hujjatlari mavjud bo‘lmaganda, har bir kilometrga bazaviy hisoblash miqdorining 0,2 foizidan oshmasligi lozim.

Bunda kilometr miqdori 500 metr va undan ortiq bo‘lgan hollarda — ko‘p tomonga, kilometr miqdori 500 metrdan kam bo‘lgan hollarda — kam tomonga yaxlitlanadi.

Yashash xarajatlari uchun ajratiladigan subsidiya miqdori bir sutkada ijarada yashash uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘n foizidan oshmasligi lozim.

Subsidiya har yili arizalar topshirish ketma-ketligi bo‘yicha ushbu Qaror talablariga to‘liq mos kelgan 500 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga ajratiladi.

Joriy yilda 500 nafar talabgorga subsidiya ajratilgandan so‘ng subsidiya berish uchun ariza qabul qilish to‘xtatiladi.

Subsidiya ajratilgunga qadar, biroq ketma-ketligi bo‘yicha subsidiya ajratilgan talabgorlardan keyin ariza topshirgan shaxslar keyingi yil uchun ro‘yxatga qo‘yilmaydi hamda subsidiya olish uchun kelgusi yilda yangidan murojaat qiladi. Ajratilgan subsidiyalar soni haqidagi ma’lumotlar Agentlik tomonidan yoshlarportali.uz elektron platformasiga doimiy ravishda kiritib boriladi. Bunga koʻra Ariza beruvchi subsidiya olish uchun istalgan davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Bunda bir nafar ariza beruvchiga ajratiladigan ushbu subsidiyaning miqdori o‘qitish xarajati uchun ajratiladigan subsidiyaning jami miqdorini qo‘shgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmasligi lozim.

Nodavlat ta’lim tashkiloti joylashgan hududdagi mahallaning yoshlar yetakchisi zimmasiga ariza beruvchining nodavlat ta’lim tashkilotida o‘qishini (ijara shartnomasida ko‘rsatilgan manzilda yashashi, o‘qish joyiga tegishli transportda qatnashini) joyiga chiqqan holda monitoring qilish vazifasini yuklaydi.

O‘qish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya olishga hujjat topshirgan ariza beruvchiga yuborilgan SMS-xabarnoma uni nodavlat ta’lim tashkilotiga o‘qishga qabul qilish va o‘qishni boshlashi uchun kafolat hisoblanadi.

Monitoring natijasida mahalladagi yoshlar yetakchisi tomonidan besh ish kunida ariza beruvchiga subsidiya ajratish haqida tavsiya yoki ajratishni rad etish haqida xabarnoma tayyorlanadi hamda Agentlikning tuman (shahar) bo‘limiga elektron shaklda yuboriladi.

Nodavlat ta’lim tashkiloti ariza beruvchini o‘qitish bilan bog‘liq xizmat ko‘rsatilganligi to‘g‘risida har oy yakuni bo‘yicha keyingi oyning 5-kuniga qadar hisob-fakturani o‘zi joylashgan hududdagi Agentlikning tuman (shahar) bo‘limiga elektron shaklda yuboradi.

Agentlikning tuman (shahar) bo‘limi ikki ish kunida yoshlar yetakchisining tavsiyasi va nodavlat ta’lim tashkilotining hisob-fakturasini ilova qilgan holda ariza beruvchiga tegishli subsidiya ajratish yoki ajratishni rad etish to‘g‘risida Agentlikka so‘rov yuboradi.

Mahalladagi yoshlar yetakchisi tomonidan ariza beruvchiga subsidiya ajratishni rad etish haqida xabarnoma berilgan bo‘lsa, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limi bu haqida elektron tizimga ma’lumot kiritadi va ariza beruvchiga SMS-xabarnoma yuboradi.

Agar mahalladagi yoshlar yetakchisi ariza beruvchiga subsidiya ajratishni rad etish haqida asossiz ravishda xabarnoma bersa, ariza beruvchi nodavlat ta’lim tashkilotida ta’lim olgan (yashash va (yoki) transport xarajati uchun subsidiya ajratishni so‘rab murojaat qilgan ariza beruvchi yashash va (yoki) transport uchun xarajat qilgan) bo‘lsa, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limi uning murojaatini qanoatlantirish to‘g‘risida tavsiya berish huquqiga ega bo‘ladi.

So‘rov asosida Agentlik ariza beruvchiga subsidiyani to‘lash yoki to‘lashni rad etish to‘g‘risida besh ish kunida qaror qabul qiladi, bu haqida elektron tizimga ma’lumot kiritadi hamda ariza beruvchiga SMS-xabarnoma yuboradi.

Subsidiyani to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilinganda Agentlik:

o‘qish xarajatlari uchun subsidiyani tuman (shahar) bo‘limi hisobvarag‘iga, tuman (shahar) bo‘limi esa — nodavlat ta’lim tashkilotining hisobvarag‘iga o‘tkazadi;

yashash va transport xarajatlari uchun subsidiyani tuman (shahar) bo‘limi hisobvarag‘iga, tuman (shahar) bo‘limi esa ariza beruvchining bank kartasiga o‘tkazadi.

Xusan Anvarov,

Parkent tuman adliya boʻlimi Davlat xizmatlari markazi direktori  

Ijtimoiy tarmoqlar

0АъзоларЁқтириш
0ОбуначиЭргашувчи
0ОбуначиЭргашувчи
0ОбуначиОбуна

So‘nggi yangiliklar

Tavsiya etamiz