“Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”. Bu gaplar bejizga aytilgan emas, chindan ham, ta’lim, tarbiya masalasi – bu hamma masaladan ham ustunroq masala, bu hayot masalasi, bu tiriklik masalasi.
Jamiyatimizning muhim bosqichdagi taraqqiyoti ham bevosita ta’lim va innovatsion omillarga bog‘liqligini hayotning o‘zi tasdiqlab turibdi. Bu esa, o‘z navbatida, yuqori safarbarlikni, saviyali va sifatli ta’limni talab qiladigan jarayon. Shu bois, 2023-yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berishni taklif qilingani ham bejiz emas. Prezidentimiz yo‘llagan Murojaatnomada ham ta’kidlanganidek, “Ta’lim sifatini oshirish — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”. Ushbu holatni inobatga olib, davlatimiz rahbari 2022-yil davomida taraqqiyotning ushbu muhim omillariga uzluksiz katta e’tibor qaratib keldi. Jumladan, o‘tgan yili 6-iyulda Prezidentimizning “2022-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda “2022-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu hujjatlarda mamlakatimizda innovatsion taraqqiyotni jadallashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida innovatsiya va texnologiyalarni keng joriy etish, inson kapitali, ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivoj lantirish muhim vazifalar sifatida belgilangan edi. Bu sa’y-harakatlar natijasida yosh olimlar soni 2018 yildagi 6,5 mingdan 2022 yilda 10,8 ming nafarga yetdi, ya’ni bir yarim barobar o‘sdi.
Mamlakatimiz kelajagi, endigi taraqqiyoti bevosita innovatsion omillarga, pirovardida, sifatli ta’limga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Maqolani yozish asnosida o‘zimning ham talabalik, universitetda zo‘r ishtiyoq, bir dunyo orzular bilan o‘qiganim ko‘z oldimda gavdalandi. Esimda 16-17 yoshlarimda bizni litseydan universitetlarni tanishtirish, bilim olishimizga qiziqtirish maqsadida Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim dargohlariga kichik ekskursiya tashkil qilishgandi. O‘shanda O‘zbekiston Milliy Universitetini ilk marotaba “jonli” ko’rganman. Yuragim hayajondan shunaqa urgandiki… Hozir ham eslab beixtiyor o‘sha tuyg’ular, hayajonlar uyg’ondi qalbda. “Buncha katta universitet, 40 ga yaqin fakulteti bor ekan, kira olarmikanman, qiyin bo’lmasmikan”, degan qo’rquvlar ham bo’lgan. Ammo ishtiyoq, orzu va umid birgalikda shu universitetni tanlashim, astoydil harakat qilishim uchun menga har kuni turtki berardi. Ziyo maskanimni kitoblarda suratini ko’rib qolsam ham tamom – soatlab xayol surardim, goh universitet kutubxonasida kitob o‘qiyotganimni, goh bog’ida suratga tushayotganim tasavvurga chizilardi. Kun kelib men talaba bo‘ldim. Universitetning jurnalistika fakultetiga Davlat granti asosida qabul qilindin. Bakalavrni ham, magistraturani ham imtiyozli tamomladim. Bugun ana shu dargohda 1-bosqich doktorantman. Ishonch bilan ayta olamanki, erishayotgan yutuqlarimning hammasida shu maskanning hissasi katta. Rahmat senga, bobo-buvimning, ota-onamning va mening universitetim! Sen bizning oilaviy universitetsan!
Bu dargoh nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy taʼlim muassasasi sanaladi. Universitet bir asrlik faoliyati davomida 100 mingdan ortiq yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab, jamiyatning barcha sohalarini yetuk kadrlar bilan taʼminlashda katta xizmat qilib, ilm-fanning turli sohalarida jahon eʼtirof etgan katta yutuqlarga erishib kelmoqda. Ushbu dorilfununda tahsil olgan ziyolilardan Аbdulla Oripov, Erkin Vohidov, Said Аhmad, Ozod Sharafiddinov, Turgʼun Аzlarov, Suyuma Gʼanieva Oʼzbekiston Qahramoni oliy unvoniga, yuzlab professor-oʼqituvchilar Oʼzbekiston Respublikasi Fan arbobi unvoniga, Buyuk xizmatlari uchun ordeni va boshqa mukofotlarga sazovor bo‘lishgan. Universitet olimlari va o‘qituvchilari jamoasining ilm-fan, taʼlim, maʼrifat sohasidagi, ilmiy tadqiqot, taʼlim tizimini shakllantirishdagi alohida oʼrni va xalqaro nufuzini eʼtiborga olib, 2000-yil 28-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining Farmoniga muvofiq mazkur ilm maskaniga “Milliy universitet” maqomi berilgan.
Charaqlab turganda boshimda samo,
Poyimda yastanib turganda tuproq.
Milliyim, sen menga misoli havo,
Umrimni yoritib turguvchi chiroq…
Behad sarhadlarni ayladim parcha,
Men o‘zim-o‘zimga yo‘llar ochdim keng!
O, senga yetguncha, senga yetguncha,
Qancha-qancha yo‘lni bosib keldim men.
Bu universitet menga otamdek qadrli, onamdek aziz. Unga yetishguncha duolar qilganim, tinimsiz o‘qiganlarim esimda. Bir martagina partada o‘tirsam edi, deb xayol qilganlarimni unutmayman… Tengdoshlarim, o‘qing, izlaning, necha yoshdasiz, bu ahamiyatli emas. Inson o‘qishdan, izlanishdan to‘xtaganida qarigan sanaladi. Boshqasi bekor. Aytgancha, bu yil universitetim 105 yoshni qarshilaydi. Tilagim, ming yilliklarni nishonlash nasib qilsin! Ilm maskani ziyo taratishdan toliqmasin!
Sevinch Xushnazarova,
Mirzo Ulug’bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti
1-bosqich doktoranti