Bosh sahifaYangiliklarQon-qarindoshlik va bolaning nasl-nasabini belgilash tartibi qanday?

Qon-qarindoshlik va bolaning nasl-nasabini belgilash tartibi qanday?

Davlat tomonidan onalik va bolalikning muhofaza qilinishi, bolalar huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarining, ota-onaning kelib chiqishi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, himoyalanishi kabi konstitutsiyaviy prinsipni ta’minlash FHDY organlari hamda sudlarning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratadi.

Yangi O‘zbekiston konstitusiyasi 77-moddasiga ko‘ra, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog’lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburliklari, shuningdek, 78-moddasida farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqorolik holatidan qat’iy nazar, qonun oldida tengligi, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburyati ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, ota-onasining nasl-nasabi va fuqorolik holatidan qat’I nazar qonun oldida tengdirlar. Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza etiladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bola nasl-nasabi bola haqidagi dalolatnoma yozuviga fuqorolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organi tomonidan belgilanadi. Bolaning shu onadan tug’ilganligi (onalik) tibbiy muassasaning hujjatlariga ko‘ra, bola tibbiy muassasada tug’ulmagan holatda esa, boshqa dalillarga asosan belgilanadi. Ayolning nikoh tuzgandan keyingi yoki erining o‘limi, nikohdan ajralganligi yoxud nikoh haqiqiy emas deb topilganligi tufayli nikoh tugatilgandan so‘ng 300 kun ichida tug’ilgan bolalar nikohda tug’ilgan hisoblanadi hamda ota haqidagi ma’lumotlar nikoh haqidagi dalolatnoma yozuvi asosida belgilanadi.

Agar ota-onaning nikohi bolaning tug‘ilganligi qayd etilgandan keyin qayd etilgan bo‘lsa, ushbu nikoh tuzilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga bolaning otasi haqidagi ma’lumotni yozish uchun asos bo‘lolmaydi.

Oila kodeksining 61-moddasiga ko‘ra, o‘zaro nikohda bo‘lmagan ota-onadan bola tug‘ilganda, otalik onaning va o‘zini bolaning otasi deb tan olgan shaxsning birgalikdagi arizasiga yoki sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida FHDY organlarida belgilanadi. Otalikni belgilash to‘g‘risidagi ariza fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar FHDY organi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Otalikni belgilash ariza berilgan kuni ota-onasining ishtirokida amalga oshiriladi. Otalikni belgilashda ota-onalardan biri ishtirok etmagan taqdirda uning imzosi qonunchilikda belgilangan tartibda (notarius, O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasining mas’ul shaxsi yoki tibbiyot muassasasi, FHDY organi, harbiy qism yoki jazoni o‘tash muassasasi rahbarining imzosi va muhri bilan) tasdiqlanadi.

Alohida hollarda otalikni belgilash haqidagi ariza FHDY organiga bola tug‘ilmasdan oldin ham berilishi mumkin. Bunday holatlarda bola tug‘ilgunga qadar uning tug‘ilgan vaqti va ismi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmaydi. Bolaning tug‘ilganligi boshqa FHDY organida qayd etilgan taqdirda oldindan berilgan arizani saqlagan FHDY organi so‘rovnoma bo‘yicha uni qayd etish joyiga yuboradi. Otalikni ishonchnoma bo‘yicha belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Onasi vafot etganda, u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoxud onalik huquqlaridan mahrum etilganda, uning yashash joyini belgilashning imkoni bo‘lmaganda voyaga yetmagan bolaga nisbatan otalikni belgilash vasiylik va homiylik organining roziligi bilan otasining arizasiga asosan amalga oshirilishi mumkin. Bunday holatlarda arizaga quyidagi hujjatlardan biri:

onasining o‘limi haqidagi guvohnoma nusxasi;

onasi muomalaga layoqatsiz deb topilganligi to‘g‘risidagi sud qarorining nusxasi;

onaning onalik huquqidan mahrum etilganligi to‘g‘risidagi sud qarorining nusxasi;

onaning bedarak yo‘qolgan deb topilgani to‘g‘risidagi sud qarorining nusxasi ilova qilinadi.

Agar bolaning otasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, u holda otalikni belgilash to‘g‘risidagi arizani uning nomidan vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan uning homiysi berishi mumkin.

10 yoshga to‘lgan va katta yoshdagi bolaga nisbatan otalik uning roziligi bilan belgilanadi. Bunda bolaning roziligi ota-onasi tomonidan berilgan arizada uning shaxsiy imzosi bilan ifodalanadi va uning imzosi FHDY organi xodimi tomonidan tasdiqlanadi. FHDY organi otalikni belgilash haqidagi ariza asosida tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi. 16 yoshgacha bo‘lgan bolaga otalikni belgilashda dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish kiritish qoidalari qo‘llanilishi mumkin, ya’ni bolaning faqat familiyasi va ota ismi emas, balki ismi ham o‘zgartirilishi mumkin.

Otalik, bolaning otasi boshqa ayol bilan qonuniy nikohda turganligidan qat’i nazar, belgilanadi. Shu sababli otalikni belgilashda uning xotinining roziligi talab etilmaydi. Ya’ni o‘zini bolaning otasiman deb tan olgan shaxsning boshqa qonuniy nikohi bo‘lib, qonuniy nikohsiz tug’ilgan bolaga nisbatan otalikni berishi mumkin. Bunda qonuniy nikohdagi ayolining roziligi ahamiyatga ega emas.

Agar tug‘ilganlikni qayd etish va otalikni belgilash ayni bir vaqtda amalga oshirilsa, u holda bolaga familiya ota-onaning kelishuvi bo‘yicha bir yo‘la beriladi, otasi haqidagi ma’lumotlar berilgan arizaga binoan yoziladi. Bunda yolg‘iz ona arizasi talab qilinmaydi.

Agar bolaning tug‘ilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvida ilgari ko‘rsatilgan ota ismi bolaning otasi deb yozilgan shaxs ismi bilan to‘g‘ri kelmasa, u holda FHDY organi otalikni belgilashni rad etishga va ota-onasidan bu masala bo‘yicha tushuntirish xati talab qilishga haqli emas.

Agar tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi boshqa FHDY organida qayd etilgan bo‘lsa, u holda otalikni belgilash haqidagi arizani qabul qilgan FHDY organi dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organiga dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritish haqida elektron axborot tizimi orqali xabarnoma yuboradi.

Agar bolaning tug‘ilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi MDH davlatlarida qayd etilgan bo‘lsa, u holda otalikni belgilash haqidagi arizani qabul qilib olgan FHDY organi uni yoki ushbu masala bo‘yicha sud qarorini (rus tilidagi tarjimasi bilan), tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma bilan birga tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini qayd etgan FHDY organiga yuboradi.

Otalikni sud tartibida belgilash ota-onadan birining yoki bolaning vasiysi (homiysi)ning yoxud bola kimning qaramog‘ida bo‘lsa, shu shaxsning arizasiga, shuningdek bola voyaga yetganidan keyin uning o‘zi bergan arizaga muvofiq amalga oshiriladi.

Agar bolaning tug‘ilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma yoki otalikni belgilash haqidagi arizaga asosan kiritilgan bo‘lsa, u holda dalolatnoma yozuvida ko‘rsatilgan ota haqidagi ma’lumotlar sud tartibida bekor qilinmay turib, boshqa shaxs tomonidan bu bolaga nisbatan otalik belgilanishi mumkin emas.

Otalikni belgilayotganda sud bolaning onasi bola tug‘ilishiga qadar javobgar bilan birga yashaganligi va umumiy ro‘zg‘or yuritganligi yoki ular bolani birgalikda tarbiyalaganliklari yoxud ta’minlab turganliklarini yoki javobgarning otalikni tan olganligini aniq tasdiqlovchi boshqa dalillarni e’tiborga oladi.

Bolaning onasi bilan nikohda bo‘lmagan, lekin o‘zini bolaning otasi deb tan olgan shaxs vafot etgan taqdirda uning otalik fakti sud tomonidan belgilanishi mumkin.

Ota-onaning birgalikdagi arizasi bo‘lmagan taqdirda otalik (agar otasi yoki onasi voyaga yetmagan bo‘lsa) ota-onalardan biri yoki vasiylik va homiylik organining da’vo arizasi bo‘yicha sud tartibida belgilanishi mumkin.

Otalikni belgilash to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin sud shu qaror nusxasini bola tug‘ilganligi ro‘yxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuboradi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan otalikni belgilash rad etilganda ma’muriy sudga shikoyat berilishi mumkin.

 Otalik (onalik) to‘g‘risida e’tiroz bildirish tartibi qonun bilan belgilab qo‘yilgan. Tug‘ilishni yozish daftaridagi tug‘ilishga oid yozuv bolaning unda ko‘rsatilgan ota-onadan tug‘ilganligini tasdiqlovchi dalil hisoblanadi.

Bolaning otasi yoki onasi deb yozilgan shaxs unga bunday yozuv ma’lum bo‘lgan yoki ma’lum bo‘lishi lozim bo‘lgan vaqtdan e’tiboran bir yil mobaynida ana shu yozuv to‘g‘risida sud tartibida e’tiroz bildirishga haqlidir. Agar shu vaqtga kelib, bolaning otasi yoki onasi deb yozilgan shaxs voyaga yetmagan bo‘lsa, bir yillik muddat mazkur shaxs o‘n sakkiz yoshga to‘lgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.

Otalikni, otalikni tan olish faktini, otalik faktini belgilashga oid hal qiluv qarorlari sud tomonidan har tomonlama tekshirilgan va arz qilingan talablarni tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi ma’lumotlarga asoslangan bo‘lishi lozim. Hal qiluv qarorining xulosa qismida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida otalikni belgilashni qayd qilish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar (otaning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning tug‘ilgan kuni, oyi, yili va tug‘ilgan joyi, millati, doimiy yashash va ish joyi) ko‘rsatilishi lozim.

Maftuna Tursunqulova

Toshkent davlat yuridik

universiteti magistranti,

Sirdaryo tuman FHDY inspektori

Ijtimoiy tarmoqlar

0АъзоларЁқтириш
0ОбуначиЭргашувчи
0ОбуначиЭргашувчи
0ОбуначиОбуна

So‘nggi yangiliklar

Tavsiya etamiz