Tarixdan buyuk allomalar hamda olimlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston ajdodlarga munosib avlodlarni yetishtirish hamda ularga munosib voris bo‘lishga doim intilib kelgan. Bizning ota-bobolarimiz yurtimizni g‘animlar bosib olgan davrda ham ilm olishga bo‘lgan yo‘lidan qaytmagan. Qadimdan davlat hukmdorlari ilmga hurmat bilan qarab uni rivojlantirishga harakat qilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerakki, Ilm peshvolari doim xalq orasida ham hurmatda bo‘lgan.
1991-yilda mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, ta’limni tubdan rivojlantirish hamda yetuk kadrlar tayyorlash bo‘yicha bir qancha harakatlar amalga oshirildi. Bunga yaqqol misol qilib, ta’limga oid ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi, iqtidorli talabalarning xorijiy mamlakatlarda tahsil olishi uchun davlat tomonidan grantlar hamda fondlar tashkil etilganini keltirishimiz mumkin. Bunday imkoniyatlar talaba-yoshlarimizning oliy ta’limdagi talabalik davri jarayonida ularning shaxs sifatida kamol topishlariga va o‘z sohasi bo‘yicha malakali kadr bo‘lib yetishishiga asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
2016-yildan keyin Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasi hamda O‘zbekistonda ta’limni rivojlantirish uchun bir qator islohotlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining Oliy Majlisga murojaatnomasida: “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim”[1],– degan holda ta’lim sifatini oshirishning naqadar zarur ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Oliy ta’limdan yetishib chiqayotgan kadrlarni sifatli ta’lim olishi uchun ta’lim muassasalarining shtat ro‘yxatiga talabalarning shaxsiy ehtiyojlari bo‘yicha ishlarni o‘z ichiga olgan mutaxassislarni kiritish zarurati paydo bo‘ldi. Aynan shu sababli, zamonaviy ta’limni isloh qilishning sezilarli tendensiyalaridan biri yangi ta’lim kasblarining paydo bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lgan holda ta’lim muassasalari xodimlarida yangi tyutor lavozimi joriy etildi.
2021-yil 9-sentabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 563-sonli qarorini ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti rektori tegishli buyrug‘iga asosan mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib universitetimizda tyutorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu qarorga muvofiq oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritib kelayotgan guruh murabbiyi faoliyatini tugatib o‘rniga mustaqil alohida har bir fakultetda tyutorlik lavozimi joriy etildi.
Hozirgi axborot asrida barcha davlatlar tomonidan avvalgiga qaraganda ta’limga katta e’tibor qaratilmoqda. Negaki, ko‘plab davlatlarning tabiiy resurslari tugashi va XXI asrda eng qimmat resursga aylanib ulgurgan axborotga ega bo‘lish uchun ham ilm-fanga e’tibor kuchayib bormoqda. Misol uchun, dunyoning tabiiy boyliklarga boy bo‘lgan davlatlari ham hozirgi kunda o‘z fuqarolarining chet elda o‘qishi hamda ilm olishi uchun o‘zi homiylik qilmoqda. Ta’limni rivojlantirishga bo‘lgan e’tiborni keskin oshishi natijasida pedagoglar orasida ham yangi kasblar paydo bo‘lmoqda. Shuning uchun ham dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida tyutorlik xizmatidan foydalaniladi.
Endi bevosita tyutorlarning sifatli ta’limni rivojlantirishda qanday rolni bajarishiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, mazkur tizim joriy etilmasidan avval faoliyat yuritgan guruh murabbiylari, asosan, universitetda dars jarayonlarini olib boradigan o‘qituvchilar orasidan tayinlanishi natijasida guruh murabbiylari talabalar bilan bevosita ishlay olmas edi. Buning oqibatida, ba’zi hollarda talabalar tomonidan savollar ochiq qolib ketish holatlari kuzatilgan. Negaki, ular dars mashg‘ulotlari hamda guruh talabalarini boshqarish, boshqa tomondan o‘z ilmiy ishlarini davom ettirish kabi bir qancha ishlarni bir vaqtning o‘zida amalga oshirishi qiyinchilik tug‘dirgan. Shuning uchun ham ta’lim sifatini ko‘tarish maqsadida guruh murabbiyi bo‘lib ishlayotgan malakali professor o‘qituvchilarning guruh bilan ishlash faoliyati tyutorlarga o‘tkazildi. Tyutorlik faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng, talabalar bilan ishlash, ularda yuzaga kelayotgan o‘quv, ilmiy, ma’naviy jabhalardagi muammolarga yechim berish jarayoni osonlashdi. Buning natijasida, professor o‘qituvchilarda ilmiy izlanishlarni olib borish va o‘z ustida ishlashi uchun qo‘shimcha vaqt paydo bo‘ldi. Talabalarning ta’lim olish yo‘lida amalga oshirayotgan harakatlarini bevosita kuzatib borish uchun ularga tyutorlarning biriktirilishi esa ulardagi ta’lim sifatini yanada oshirdi. Bundan tashqari, talabalarning shaxsiy rivojlanishiga, ta’lim muassasasi, respublika hamda xalqaro miqyosdagi tanlov va olimpiadalarda munosib ishtirok etishiga, shuningdek, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishiga ko‘maklashuvchi, yigit-qizlarni kasbga yo‘naltirish, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, turli ilmiy to‘garaklarga jalb etish hamda muammo va kamchiliklarini o‘rganib, ularga atroflicha yechim topish bilan shug‘ullanishi normativ-huquqiy hujjatlar bilan qonuniy tarzda belgilab qo‘yildi.
Fikrimizcha, tyutorlar ta’lim olayotgan yoshlarimiz bilan bevosita ishlaganligi bois ham mazkur ma’suliyatli vazifani topshirishda ularni qobiliyati va salohiyatini hisobga olish zarurdir. Negaki, ular, asosan, talaba bilan ishlaganligi bois, kuchli pedagogik bilimga ega bo‘lishlari lozim. Xorij tajribasiga qaraydigan bo‘lsak ham hozirda dunyoning koʻplab mamlakatlarida tyutorlik lavozimini egallash uchun maxsus oʻqitish tizimi mavjud bo‘lib, mazkur bilimni egallagan tyutorlarga buni tasdiqlovchi diplom beriladi. Masalan, Rossiyada pedagogika sohasiga ixtisoslashtirilgan oliygohlarda bakalavr va magistratura boʻyicha maxsus tyutorlik kurslari mavjud bo‘lib, bundan tashqari, Tyutorlik markazlari va assotsiatsiyalar ham faoliyat yuritadi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, tyutorlik tizimini paydo bo‘lishi ta’limni rivojlantirishga o‘z-o‘zidan ijobiy ta’sir o‘tkazdi. Tyutorlar orqali talabalar oliy ta’lim sohasidagi islohot hamda qator loyihalardan roziligi hamda mazkur tyutorlik tizimini qo‘llab-quvvatlayotgani mazkur lavozim yaratilganligi naqadar to‘g‘ri siyosat bo‘lganligiga dalolat qilmoqda. Shu o‘rinda bu tizimni oliy ta’limdan boshqa ta’lim bosqichlariga ham joriy qilinishi ta’lim sifatini yanada oshirgan bo‘lar edi, deb hisoblaymiz. Negaki, bugungi kunda maktab va akademik litseylarda mustaqil sinf rahbari degan shtab mavjud emas, balki mazkur shtabda ham ma’lum bir fan o‘qituvchilari biriktirilgan. Bu esa, o‘qituvchiga qo‘shimcha yuklamalar yuklanishi hamda o‘z ustida ishlashiga vaqt yetmasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu tizim bo‘yicha ham bir qator islohotlar o‘tkazilishi natijasida o‘rta bo‘g‘inda o‘quvchilarni kasbga hamda hunarga yo‘naltiradigan yangi shtablar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Yurtboshimizning Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida 2023-yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yili deb nomlangani ham bejizga bo‘lmadi. Fikrimizcha, yillarning nomlanishi ham o‘z ma’nosiga ega bo‘lib, joriy yil davomida yil nomlanishiga doir islohotlar keng tatbiq qilinadi hamda sifatli ta’limni rivojlantirishda tyutorlarning ham o‘rni alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.
Shoxsanamxon Radjabova
Toshkent davlat yuridik universiteti, Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti tyutori
[1] O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasi. Xalq so‘zi. 2020 yil 30 dekabr. №276. 2-bet