Har yili yangi o‘quv yili boshlanishi bilan respublika oliy ta`lim muassasalari talabalari duch keladigan muammo bu – turar joy muammosi bo‘ladi. Asosan viloyatlardan kelib tahsil oluvchi talabalar ayniqsa, shu masalada qiyinchiliklarga duch kelishadi. Oxirgi yillarda yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlar, kelajak avlodga bo‘lgan e`tiborning ortib borishi va OTM lariga kvotalarning oshirilishi ko‘plab yoshlarning ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirmoqda. Shu bilan birga, talabalikka tavsiya etilgan yoshlar uchun turar joyga ehtiyoji bo‘lganlar soni ham oshib bormoqda. Mazkur holatning dolzarbligini inobatga olgan holda talabalar uchun munosib yashash sharoitini yaratib berish hukumat darajasiga ko‘tarilib bordi.
O‘zbеkiston Rеspublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalar turar joyiga joylashish faqat davlat xizmati markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshirilishi, talabalarga navbatni onlayn kuzatish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratilishi belgilandi.
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab 1-kurs talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglament talablari asosida amalga oshiriladi. Shunisi quvonarliki, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ariza berish va to‘lovlarni amalga oshirishda davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi. Bu ham talabalar uchun bir qancha qulayliklarni beradi.
Shuningdek, ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadigan ayrim toifalar ham belgilab berildi:
Xususan:
“Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
xalqaro fan olimpiadalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
“Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;
oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning 20-avgustidan 20-sentabrigacha “Talabalarga tezkor ko‘mak kunlari” sifatida belgilandi. Shuningdek, OTMlarning asosiy binolari va talabalar turar joylari kirish qismlarida “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazlari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bir so‘z bilan yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, talabalarni munosib kutib olish va ularni tegishli tartibda turar joy bilan ta’minlash to‘liq hukumat tomonidan, xususan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan e’tiborga olingan. Bularning barchasi, Oliy ta’limni rivojlantirish sohasidagi islohotlar va imkoniyatlar desak bo‘ladi.
Quvonarli tomoni shundaki, zamon talablari va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida bugungi yoshlarning talab va ehtiyojlarini o‘rganib, yangidan-yangi imtiyoz va imkoniyatlar eshigi ochib berilmoqda.
Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosatini zamon talabidan kelib chiqib takomillashtirishda davlatimiz rahbari Shavkat MIrziyoyevning tashabbuslarini alohida ta’kidlash lozim. Davlatimiz rahbarining yoshlar kamolotiga qarayotgan doimiy e’tibori, ayniqsa, ta’lim islohotlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bu islohotlarning yutug‘i esa yoshlarning davlat va qonunlarga ishonchini kuchaytiradi.
Ixtiyor Abdurazzakov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti tyutori