FVV: O‘zbekistonda kuchli zilzilalar sodir bo‘lish ehtimoli mavjud emas.
Bugun Turkiyada sodir bo‘lgan bir nechta zilzilalar butun dunyoning e’tiborida. Tarmoqlarda zilzila payti muhrlangan turli videoyozuvlar keng tarqalishi ortidan aholida xavotir va turli savollar paydo bo‘lmoqda.
Nima uchun bunday ketma-ket zilzila kuzatilyapti? Bu qachongacha davom etishi mumkin? O‘zbekistonning seysmik holati qanday? Qozog‘istonda bugun ro‘y bergan zilzilaning Turkiyadagi zilzilalarga aloqasi bormi?
Shu kabi savollarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xodimi, seysmolog Samandar Hikmatullayevdan javob oldik.
Nimaga ketma-ket zilzila bo‘lyapti? Bundan odamlar xavotirlanishi kerakmi?
– Odatda 1-zilziladan so‘ng fanda aftershoklar deb nom olgan hodisa kuzatiladi. Aftershoklar – bu birinchi to‘lqinga qaraganda kichikroq zilzilalar. Ya’ni plitalar to‘qnashgan joylardagi birinchi zilziladan so‘ng yig‘ilgan va siqilib qolgan energiya kichik-kichik to‘lqinlar hosil qilib chiqib ketadi. Hozir Turkiyada bo‘layotgan hodisa yillar mobaynida to‘plangan energiyaning chiqishi bo‘lib, bu bir necha kun balki oylar davomida kichik to‘lqinlar shaklida chiqib ketadi, aholi zilzilalarni sezib turishi mumkin. Har qanday zilziladan so‘ng bu kuzatiladi, hatto 1 yilgacha davom etishi mumkin.
Bugun Qozog‘istonda sodir bo‘lgan va Toshkentda ham sezilgan zilzila Turkiyadagi yer silkinishlariga bog‘liqmi?
– Qozog‘istonda bo‘lgan zilzila Turkiyadagiga bog‘liq emas. Yer sharida zilzilalarni vujudga keltruvchi bir qator sababchilar bor. Asosiy sabablardan biri plitalarning tektonik harakati. Yer yuzida zilzila bo‘lmaydigan joyning o‘zi yo‘q. Yerning o‘z o‘qi va quyosh atrofida aylanishi, yer mantiyasidagi harakatlar zilzilalarni yuzaga keltiradi. Busiz iloji yo‘q, aks holda Yer aylanmay qo‘yadi. Shu sababli bo‘layotgan zilzilalarni tabiat hodisasi deb qabul qilish lozim.
Zilzilalarni bashorat qilish mumkinmi?
Uch kun muqaddam seysmolog Frenk Hugerbits Turkiya va Suriya hududlarida 7,5 magnituda atrofida zilzila sodir bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan ekan. Hozir internetda uning tviti qizg‘in muhokama qilinmoqda. Bizda zilzilalarni oldindan bashorat qilish mumkin emas degan fikr yuradi. Buni qanday izohlash mumkin?
– Zilzilalarni prognozlash mumkin va bu doim qilib kelinadi. Chunki yer qimirlashini vujudga keltiruvchi o‘ziga yarasha sababchilar va zilzila darakchilari bor. Masalan, yer osti suvlarining ko‘tarilishi, yer yoriqlarida energiyaning to‘planishi va hokazo. Shular asosida zilzila bashoratlanadi. Lekin hali fan zilzilaning aniq vaqti va aniq joyini bashoratlay olmaydi. Shu paytgacha hech bir mutaxassis falon vaqtda falon joyda buncha ballik zilzila bo‘ladi deb aniq ayta olmagan.
O‘zbekistonning ayni damdagi seysmik holati qanday?
Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu haqida o‘z sahifasida ma’lumot berdi.
“Bugungi kunda respublikamizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Fanlar akademiyasi hamkorligida Seysmik vaziyatni baholash va kelgusidagi seysmik vaziyatni prognoz qilish bo‘yicha Idoralararo ekspert komissiyasi faoliyat yuritadi. Mazkur Idoralararo ekspert komissiyasi har hafta bo‘yicha Respublika va unga chegaradosh hududlarda zilzila sodir bo‘lish ehtimolligini kompleks-prognostik kuzatuv natijalariga asosan baholaydi.
Hozirgi kunda zilzilalarni prognoz qilish sohasida seysmometrik, geofizik, magnitometrik va gidrogeoseysmologik kuzatuvlar olib boriladi.
Olingan kuzatuv ma’lumotlari natijalariga asosan Idoralararo ekspert komissiyasining 2023-yil 3-fevraldagi 5-sonli bayoni xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlarda magnitudasi M≥5 bo‘lgan zilzilalar darakchilari aniqlanmagan hamda kuchli zilzilalar sodir bo‘lish ehtimoli mavjud emasligi ma’lum qilinadi”.