6 fevral kuni Turkiya va Suriyada sodir bo‘lgan zilzilalar 5021 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, deb xabar bermoqda AFP axborot agentligi ikki davlat rasmiylariga tayanib.
Turkiyada so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 3 432 kishi halok bo‘lgan, 21 103 kishi jarohatlangan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qurbonlar soni 20 ming kishiga yetishi mumkinligidan xavotirda.
Kecha tunda Turkiyaning Gaziantep shahrida zilzila yuz berdi, silkinishlar Suriyada ham sezildi. Shundan so‘ng Turkiyada kun davomida yana bir necha marta zilzila sodir bo‘ldi.
Zilzila oqibatlarini bartaraf etishda bir qancha davlatlar, jumladan, O‘zbekistondan yuborilgan FVV qutqaruvchilari ham ishtirok etmoqda. Ular 10 mingdan ortiq etnik o‘zbeklar istiqomat qiluvchi Hatay viloyatining Ovakent qishlog‘ida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan.
Biroz avvalroq, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Turkiyadagi zilzila oqibatida halok bo‘lganlar orasida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi ham borligi, to‘rt nafar o‘zbekistonlik bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgan edi.