Zilzila natijasida to‘rt nafar o‘zbekistonlik bedarak yo‘qolgan. Ularni topish bo‘yicha tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida safarbar etilgan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari Hatay viloyatining Ovakent qishlog‘ida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshladi. Bu hududda asosan 10 mingdan ortiq etnik o‘zbeklar istiqomat qiladi.
2023 yil 7 fevral (Toshkent vaqti bilan) soat 10.00 holatiga ko‘ra, zilzila oqibatida Malatya provinsiyasida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan.
“Hozirda zilzila oqibatida zarar ko‘rgan fuqarolarimizga tegishli yordam ko‘rsatish va ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish maqsadida O‘zbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi qoshida 24 soat faoliyat yuritadigan shtab tashkil etilgan bo‘lib, unga quyidagi raqam orqali murojaat qilish mumkin +90-538-035-85-34”, deyiladi ma’lumotda.