Ma’lumki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda sud-huquq sohasi tizimida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Fuqarolarning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida vafot etgan shaxslarning nomida bo‘lgan mol-mulklarni meros qilib olish tartibini tushuntirib berish bugungi kunda Adliya organlari xodimlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Meros – marhumdan vorislarga qolgan mulk bo‘lib, marhumning mulk huquqi, boshqa ashyoviy huquqlar, aqliy faoliyat (kashfiyot, ixtirochilik, mualliflik) natijalariga bo‘lgan alohida huquqlari, shuningdek bu huquqlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin bo‘lgan ajdodlardan avlodlarga o‘tuvchi mulklar hisoblanadi.
Fuqarolik kodeksining 1116-moddasiga asosan, meros fuqaroning o‘limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida ochiladi. Meros qoldiruvchining o‘lgan kuni (zarurat bo‘lganda payti ham), u vafot etgan deb e’lon qilinganda esa, agar sudning qarorida boshqa muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sudning qarori kuchga kiradigan kun meros ochilgan vaqt deb hisoblanadi.
Kimlar merosxo‘rlar bo‘lishi mumkin?
Fuqarolik kodeksining 1118-moddasiga asosan, meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan fuqarolar, shuningdek meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilgandan keyin tirik tug‘ilgan bolalari vasiyat va qonun bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin.
Meros ochilgan paytda tuzilib bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin.
Agar biridan keyin boshqasi meros olishga haqli bo‘lgan shaxslar bir aboon sutka (yigirma to‘rt soat) ichida vafot etgan bo‘lsalar, ular bir vaqtda vafot etgan deb hisoblanadilar, meros ularning har biridan keyin ochiladi va ulardan har birining merosxo‘rlari vorislikka chaqiriladilar.
Qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi merosxo‘rlar kimlar?
Meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradilar.
Qonun bo‘yicha ikkinchi navbatdagi merosxo‘rlar kimlar?
Meros qoldiruvchining tug‘ishgan hamda ona (ota) bir ota (ona) boshqa aka-ukalari va opa-singillari, shuningdek uning ham ota, ham ona tarafdan bobosi va buvisi teng ulushlarda qonun bo‘yicha ikkinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.
Qonun bo‘yicha uchinchi navbatdagi merosxo‘rlar kimlar?
Meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi, tog‘asi, ammasi va xolasi teng ulushlarda qonun bo‘yicha uchinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.
Qonun bo‘yicha to‘rtinchi navbatdagi merosxo‘rlar kimlar?
Meros qoldiruvchining oltinchi darajagacha (oltinchi daraja ham shunga kiradi) bo‘lgan boshqa qarindoshlari qonun bo‘yicha to‘rtinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar, bunda yaqinroq qarindoshlar uzoqroq qarindoshlarga nisbatan meros olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.
Vorislikka chaqiriladigan to‘rtinchi navbatdagi vorislar teng ulushlarda meros oladilar.
Qonun bo‘yicha beshinchi navbatdagi vorislar kimlar?
Meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlari, agar ular Fuqarolik kodeksning 1141-moddasi asosida meros olmasalar, qonun bo‘yicha beshinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.
Merosni ochish va taqsimlash uchun qanday asos mavjud?
Vazirlar Mahkmasining 2020-yil 18-noyabrdagi 726-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Notariuslar tomonidan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomani berishning ma’muriy reglamenti”ga asosan meros ishini ochish va meros to‘g‘risidagi guvohnoma berish tartibga solinadi.
Mazkur reglamentning talabiga asosan, fuqaroning talabiga asosan, meros bilan bog‘liq notarial harakatlarni rasmiylashtirish notarial binoda yoki sayyor tartibda meros qoldirilgan mulk joylashgan hududda amalga oshirilishi mumkin.
Bunda, guvohnoma berish notarial idora binosidan tashqarida bajariladigan taqdirda, hujjatning matnida guvohnoma rasmiylashtirilgan joyning manzili ko‘rsatiladi va guvohnoma berishni rasmiylashtirish hamda imzolash jarayoni majburiy audio va videoga qayd etilishi lozim bo‘ladi.
Murojaat qilish tartibi qanday?
Murojaat qiluvchi notarial idoraga o‘zi kelib yozma ariza bilan yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud “E-notarius.uz” axborot portali orqali (keyingi o‘rinlarda — elektron tarmoq) ro‘yxatdan o‘tgan holda elektron tarzda murojaat qilishi mumkin.
Shuningdek, murojaat qiluvchi elektron tarmoq orqali notarius qabuliga navbatga yozilishni, shuningdek guvohnoma olish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni jo‘natgan holda tegishli hujjat loyihasining oldindan tayyorlab qo‘yilishini so‘rab murojaat qilishi mumkin.
Guvohnoma berish tartibi qanday?
Meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rlarning yozma arizasiga ko‘ra guvohnoma berishi lozim bo‘ladi. Bunda, Reglament talabiga asosan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tganidan keyin beriladi. Istisno tariqasida,qonun bo‘yicha meros olinganida ham, vasiyatnoma bo‘yicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lsa, guvohnoma yuqorida ko‘rsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin.
Merosning ochilish joyi qayer bo‘ladi?
Merosning ochilish joyi deb meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan (doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan) joyi hisoblanadi.
Agar meros qoldiruvchining oxirgi yashab turgan joyi noma’lum bo‘lsa, meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy, ko‘chmas mulk bo‘lmagan taqdirda esa, ko‘char mulkning asosiy qismi turgan joy meros ochilgan joy deb hisoblanadi.
Meros qoldiruvchining oxirgi yashagan joyi MDHga a’zo davlatlar yoki boshqa chet el davlatlaridan birida bo‘lgan taqdirda, fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha yordam hamda huquqiy munosabatlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan notarius meros ochilgan joy bo‘yicha notariusga murojaat etgan merosxo‘rlar doirasini tekshirib, meros qilib qoldirilgan ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi joylashgan joyi bo‘yicha guvohnoma beradi.
Meros qoldiruvchining oxirgi yashagan joyi MDHga a’zo davlatlar yoki boshqa chet el davlatlaridan birida bo‘lgan taqdirda, fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha yordam hamda huquqiy munosabatlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan meros qilib qoldirilgan ko‘char mol-mulkka nisbatan guvohnoma meros qoldiruvchining oxirgi yashagan joyi bo‘yicha beriladi.
Meros to‘g‘risidagi guvohnomada nimalar yozilishi kerak?
Guvohnoma matnida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
guvohnoma nomi;
notarial okrug nomi;
guvohnoma berilgan sana (so‘zlar bilan qayd qilinadi);
guvohnoma berilgan notarial idoraning nomi va joylashgan eri (pochta manzili) va notariusning ismi, familiyasi, otasining ismi;
marhumning familiyasi, ismi, otasining ismi, vafot etgan sanasi;
qarindoshlik darajasi, merosxo‘rning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatining raqami, qachon va kim tomonidan berilganligi, merosxo‘r chet el fuqarosi bo‘lsa, uning fuqaroligi, doimiy yoki vaqtincha yashash bo‘yicha ro‘yxatga olingan manzili, STIRI;
merosxo‘r sifatida yuridik shaxs ishtirok etayotgan hollarda yuridik shaxsning to‘liq nomi, joylashgan eri (pochta manzili), soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma raqami va sanasi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan organning nomi;
meros mulki ko‘chmas mulk bo‘lsa, uning joylashgan manzili, tarkibi va tavsifi;
meros mulki avtomototransport vositasi bo‘lsa, uning rusumi, ishlab chiqarilgan yili, ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgisi, agregat raqamlari, avtomototransport vositasini qayd etish guvohnomasining seriyasi, raqami, davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan organning nomi;
meros mulkiga nisbatan marhumning mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar haqida ma’lumotlar;
ko‘chmas mulk va (yoki) avtomototransport vositasi bo‘yicha ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar tomonidan berilgan hujjatlardagi mulkning tavsifi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
guvohnoma nechta nusxada berilganligi haqida ma’lumot;
guvohnoma berilgan reyestr raqami;
guvohnoma berganlik uchun undirilgan to‘lovlar haqida ma’lumotlar;
guvohnoma berish uchun asos bo‘lgan meros ishi raqami;
guvohnomani bergan notariusning ismi, familiyasi, otasining ismi, muhr.
Merosxo‘rlar ixtiyoriga ko‘ra va (yoki) qonunchilik hujjatlariga muvofiq guvohnomada boshqa ma’lumotlar ham ko‘rsatilishi mumkin.
Meros to‘g‘risidagi guvohnoma olishda qanday hujjatlar talab qilinadi?
Meros berishda notarius, qoida tariqasida, quyidagi hujjatlarni talab qiladi:
meros qoldiruvchining o‘lim haqidagi guvohnoma yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyi haqidagi ichki ishlar organlarining ma’lumotnomasi yoki uy daftaridan ko‘chirma;
meros tarkibining meros qoldiruvchiga tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjat (bunda meros abo ko‘chmas mulk bo‘lsa, kadastr ma’lumotnomasi);
merosxo‘rlarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomalari (F.I.O. o‘zgargan taqdirda) yoki dalolatnoma yozuvlaridan ko‘chirmalar yoxud qarindoshlik munosabatlarining haqiqiyligini belgilovchi sud hujjati;
merosxo‘rlar vafot etgan taqdirda o‘lim haqidagi guvohnoma yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
meros qoldiruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi (ajrashganlik haqidagi guvohnoma) yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma.
Guvohnoma berish uchun qanday to‘lovlar undiriladi?
Guvohnoma berishda notarius tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining miqdorlariga asosan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berganlik uchun agar meros mol-mulk ko‘chmas mulk yoki avtomototransport vositasi bo‘lsa (har bir mol-mulk uchun) BHMning 50 foizi miqdoricha, shuningdek, mol-mulkning boshqa barcha turlari uchun BHMning 30 foizi miqdoricha davlat boji undiriladi.
Shuni eslatib o‘tish lozimki, turar-joylar (uylarning bir qismi), kvartiralar (kvartiralarning bir qismi), shu jumladan xususiylashtirilgan kvartiralar (kvartiralarning bir qismi), dala hovlilar, garajlar, boshqa binolar, inshootlar va imoratlarga meros huquqi haqida guvohnoma berishda meros tartibida o‘tayotgan meros mol-mulkning summasi merosxo‘rlik tayinlangan kunda Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari va bo‘limlari tuman (shahar) filiallari tomonidan belgilangan baholash ma’lumotlari hisobga olingan holda belgilanadi.
Shuningdek, guvohnoma berishda notarius tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilangan Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun undiriladigan to‘lovlar miqdorlari doirasida huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun haq undiradi.
Guvohnoma, shu jumladan guvohnoma berishni so‘rab murojaat qilgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar Tizimga to‘liq kiritilganidan so‘ng notarial harakat uchun undiriladigan to‘lovlar miqdori Tizimda avtomatik ravishda hisoblanadi.
Tizim orqali to‘lov kvitansiyalari (invoys) notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxsga chiqarib beriladi hamda uning Tizimga kiritilgan mobil telefoni raqamiga to‘lovlarning miqdori, notarial harakatni tasdiqlash kodi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “ishonch telefoni” raqami ko‘rsatilgan SMS xabar yo‘llanadi.
Notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxsning mobil telefoni mavjud bo‘lmaganda, istisno tariqasida, Tizimga u tomonidan ko‘rsatilgan, notarial idoraga birga kelgan boshqa shaxsning mobil telefoni raqamini, agar faqat o‘zi kelgan bo‘lsa, notariusning mobil telefoni raqamini kiritishga ruxsat etiladi.
Notarial harakatlar to‘lovlar amalga oshirilganligi haqidagi ma’lumotlar Tizimga kelib tushgandan hamda notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxs notarial harakatni tasdiqlash kodini notariusga berganidan so‘ng amalga oshiriladi.
To‘lovlar amalga oshirilganligi haqidagi ma’lumot (invoys) Tizim orqali chop etiladi va hujjatlar yig‘majildiga tikiladi.
Meros qoldiruvchining merosxo‘rlari tomonidan meros haqidagi guvohnomani olish uchun hududiy davlat notarial idorasi notariuslari yoki xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusga murojaat qilish orqali amalga oshirilishi mumkin.
Sherozbek Dodoyev,
Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasi Notariat, advokatura va huquqiy xizmatlar sho‘basi katta maslahatchisi