Bosh sahifaE-mutolaa“Inson va qonun” gazetasi“Xabeas korpus” va “Miranda qoidasi”: Yangi Konstitutsiyada...

“Xabeas korpus” va “Miranda qoidasi”: Yangi Konstitutsiyada shaxsiy hayot daxlsizligi masalalari

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda  olib borilayotgan islohotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, avvalo, ularning zamirida inson va uning manfatlarini himoya qilishga qaratilgan masalalar turganini ko‘rishimiz mumkin. Haqiqatdan ham har qanday demokratik davlatning eng asosiy vazifasi ushbu davlatda istiqomat qiluvchi fuqarolarning huquq va manfatlarini himoya qilish yotadi. Ushbu vazifani to‘la to‘kis amalga oshirishi uchun uning huquqiy asosini rivojlantirish kerak.

Bugungi kunda amalga oshirilgan islohotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ko‘plab o‘zgarishlar bo‘lmoqda, xususan, Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirilgani fikrimiz dalilidir. Ma’lumki, mamlakatimizda 2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendum bo‘lib o‘tdi va unda bosh qomusimiz yangi Konstitutsiya qabul qilindi. Ushbu yangi Konstitutsiyada ko‘plab huquq va majburiyatlar, erkinliklar va kafolatlar belgilab berildi. Ushbu Konstitutsiyaning qabul qilinishida ko‘plab xorijiy davlatlarning tarjirasidan va xalqaro umume’tirof etilgan normalar kiritildi. Bularning barchasi inson va uning manfatlariga xizmati qilishini ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, shaxsiy huquq va erkinliklarga bo‘lgan huquqlar kuchaytirildi.

Xususan, yangi Konstitutsiyada inson va fuqaroning asosiy shaxsiy huquq va erkinliklari, shaxsiy hayot daxlsizligini taʼminlashning Konstitutsiyaviy kafolatlari mustahkamlab qo‘yildi. Insonning shaxsiy hayot daxlsizligiga bo‘lgan huquqlarini davlat organlari, mansabdor shaxslarining har qanday o‘zboshimchaliklaridan himoya qilishning deyarli barcha zamonaviy usullarini o‘zida mujassam etgan inson va fuqaroni huquqiy himoya qilishning ishonchli mexanizmlari mustahkamlandi.

Shu jumladan, “Xabeas korpus” va “Miranda qoidasi” umumeʼtirof etilgan institutlarini Konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash orqali sezilarli kuchaytirildi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan “Miranda qoidasi”, xususan, ushlash chog‘ida shaxs o‘z huquqlari to‘g‘risida xabardor qilinishi lozimligini, uni ushlab turgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi esa, ushlab turiluvchi shaxsga tushuntirilgan huquqlari tushunarli bo‘lganmi degan savolga ijobiy javob olishi lozimligini nazarda tutuvchi qoida barcha demokratik mamlakatlarda (AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va hokazo) qo‘llanilgan.

Xabeas korpus tartibi nimani anglatadi? Shaxsni erkinligini cheklash bilan bog‘liq har qanday harakat faqatgina sudning qarori asosida amalga oshirilishi shartligi aynan Xabeas korpus qoidasi talabidir. Endilikda tergovchi, surishtiruvchi va prokuror tomonidan tintuv o‘tkazish va telefon so‘zlashuvini eshitish zaruratini sudga asoslantirishi zarur bo‘ladi. Qachon sud ruxsat bersagina uning telefon so‘zlashuvlari eshitilishi, uy-joyi tintuv qilinishi mumkin. Chunki sud prokurorga nisbatan jinoyat ishi yuzasidan hech bir idoraviy yoki boshqa manfaatga ega emas, u betarafdir. Natijada, shaxsni Konstitutsiyaviy daxlsizlik huquqini cheklashga oid bu harakatlar sud ruxsati bilan amalga oshirilishi tergovda fuqarolarni mulk, turar joy daxlsizligi va shaxsiy hayot hamda unga oid maʼlumotlari daxlsizligi asossiz buzilishini oldi olinadi.

Yangilangan Konstitutsiyamizda shaxsiy hayot daxlsizligiga oid bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, 27-31-moddalarida shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi,  gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi,  hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi, shaxslarning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga egaligi, hech kim
uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emasligi
belgilab berildi. Ushbu normalarning kuchaytirlishi shaxsiy hayot daxlsizligi kafolatlarini ortishiga olib keladi.

Inson huquqlarining shaxsiy hayot daxlsizlinining kafolatlarini taʼminlash maqsadida telefon so‘zlashuvlarini eshitish va tintuv o‘tkazishga sanksiya berish vakolati prokurordan sudga o‘tkazilmoqda.

Tintuv o‘tkazish va telefon so‘zlashuvini eshitishga sanksiyani prokurordan sudga o‘tkazilishining ahamiyati nimada? Mazkur tergov
va protsessual harakatlar bevosita shaxsning daxlsizlik huquqlariga taʼsir ko‘rsatadi. Tintuv tergov harakati – uy-joy daxlsizligi, telefon so‘zlashuvlarini eshitish – shaxsiy hayot daxlsizligi kafolatlarini cheklash bilan bog‘liq. Tergov amaliyoti davomida ushbu harakatlarni o‘tkazishda qonun talablariga rioya qilmaslik xavfi ham mavjud bo‘lib, ular fuqarolar huquqlarining asossiz cheklanishiga olib kelishi mumkin.

Ilk marotaba Asosiy qonunda quyidagilar belgilandi, ya’ni aybdorlikka
oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi, bu, o‘z navbatida, eng muhim bo‘lgan “aybsizlik prezumpsiyasi” prinsipining amalda ro‘yobga chiqarilishining kafolati hisoblanadi, har kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi aytib o‘tildi. Shuningdek, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan shaʼni va qadrqimmati hurmat qilinishi huquqiga egaligi, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilab berildi.

Shuningdek, har kim o‘z shaxsiga doir maʼlumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto‘g‘ri maʼlumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan maʼlumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega ekanligi alohida ahamiyatga ega.

Shu o‘rinda alohida e’tibor qaratadigan jihat shuki, har bir shaxsning jinoyat protsessining har qanday bosqichida o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqi kafolatlanayotgani, jabrlanganlarning himoyalanishi, odil sudlovdan foydalanishini taʼminlash va ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart sharoitlarini yaratishning davlat kafolatlari kuchaytirilishi shaxsning huquqlari himoyasi yana bir bor yuqoriga ko‘tarilishining dalolatidir.

Yangi Konstitutsiyamizda har kimning o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilish huquqi belgilanmoqda. Shu bilan birga, har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda  belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi. Bundan tashqari, har kimga O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etish Konstitutsiyaviy huquqi berilayotgani ham xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilishiga sabab bo‘lmoqda.

Yana shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, yangi qabul qilingan Konstitutsiyamizda ko‘plab xorijiy davlatlarning tajribasi o‘rganib chiqilgan hamda ularni o‘zimizda joriy etish istiqbollari ko‘zlangan. Masalan, shaxsga doir maʼlumotlar muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda yoki boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborotdir. Ayniqsa, raqamlashtirish sharoitida shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilishga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Sababi, ayrimlarning o‘zgalarga tegishli bo‘lgan shaxsiy maʼlumotlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari dunyo amaliyotida ham ko‘p uchramoqda. Davlat shaxsga
doir maʼlumotlarning himoya qilinishini kafolatlaydi. Xususan, davlat shaxsning
o‘z shaxsiy hayotiga aralashuvdan himoya qilinishini, shaxsga doir maʼlumotlarning yaxlitligini va but saqlanishini, maxfiyligiga rioya etilishini, qonunga xilof ravishda ishlov berilishining oldi olinishini taʼminlashi lozim. 2019 yilda qabul qilingan “Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanishga ruxsat olgan shaxslar ushbu maʼlumot egasining roziligisiz shaxsga doir maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etmasligi
va tarqatmasligi belgilangan.

Xorijiy mamlakatlarda “unutilishga bo‘lgan huquq” (right to be forgotten) degan nom bilan qo‘llaniluvchi ushbu huquq shaxsning o‘zi haqidagi qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmagan maʼlumotlarni axborot resurslaridan, jumladan Internetdan, yo‘q qilinishini talab qilish huquqini anglatadi. Mazkur huquq Singapur, Yaponiya kabi davlatlar Konstitutsiyalarida ham belgilab qo‘yilgan.

Ko‘rinib turganidek, yangi Konsititutsiyaning qabul qilinishi insonlar uchun ko‘plab shaxsiy hayot daxlsizligiga oid kafolatlarning kuchayishiga olib kelmoqda. Shuningdek, yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi, nafaqat mamlakat miqyosida, balki dunyo bo‘ylab e’tirof etilishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Rossiya Davlat gumanitar universiteti prezidenti Yefim Iosifovich PivovarO‘zbekistonning yangilanadigan Konstitutsiyasida inson huquqlarini himoya qilish, shuningdek, ayollar va bolalarning imkoniyatlarini kengaytirishga katta eʼtibor qaratilgan”. Rigadagi O‘zbekiston savdo uyi direktori Vladimir GalperinInson huquqlari sohasidagi bo‘limlar sezilarli darajada kengaytirildi, bugungi kunda fuqaro masalasi birinchi o‘ringa qo‘yilmoqda, so‘ngra jamiyat, keyin davlat”. Ushbu fikrlarning aytilishi yangi Konstitutsiyamizning jahon hamjayiti e’tiborida ekanligini ko‘rishimiz mumkin.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Konstitutsiyamizdagi o‘zgarishlar sezilarli darajada bo‘lib, ayniqsa, inson huquq va erkinliklariga oid kafolatlarning kuchaytirilishi e’tirofga loyiq hisoblanadi. Shunindek, shaxsiy hayot daxlsizligiga oid normalarning kengaytirilishi inson va fuqarolarning huquqlarining kafili hisoblanadi.

Jamshid Yusupov,

Adliya vazirligi mas‘ul xodimi

Ijtimoiy tarmoqlar

0АъзоларЁқтириш
0ОбуначиЭргашувчи
0ОбуначиЭргашувчи
0ОбуначиОбуна

So‘nggi yangiliklar

Tavsiya etamiz